SUV BARQAROR TARAQQIYOT UCHUN


Joriy yilning 25-26-may kunlari Tojikiston Respublikasining Dushanbe shahrida “Suv barqaror taraqqiyot uchun” to‘rtinchi xalqaro konferensiyasi bo‘lib o‘tdi.Birinchi kun
Konferensiya doirasida Xalqaro suv resurslarini boshqarish instituti (IWMI) tomonidan “Transchegaraviy hamkorlik istiqbollari: suv resurslarini barqaror boshqarish sohasida innovatsiyalar va amaliy harakatlar” mavzusida forum tashkil etildi.
Unda O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti maslahatchisi Sh.G‘aniyev boshchiligidagi mamlakatimiz delegatsiyasi qatnashdi.
Forumning ochilish marosimida Tojikiston Respublikasi Energetika va suv resurslari vazirining birinchi o‘rinbosari Jamshed Shoimzoda, Yevropa Ittifoqining Markaziy Osiyo bo‘yicha maxsus vakili Eduards Stiprays, Jahon bankining transchegaraviy suvlar bo‘yicha global rahbari Kristina Leb, Shveysariya taraqqiyot va hamkorlik agentligi suv sektori rahbari Janin Kuriger va boshqalar so‘zga chiqdi.
Forumda Markaziy Osiyo mamlakatlari o‘rtasida transchegaraviy suv resurslarini boshqarish sohasidagi hamkorlikni yanada mustahkamlash, iqlim o‘zgarishi sharoitida suv xavfsizligini ta’minlash, mintaqada o‘zaro ishonch va ma’lumot almashinuvini kengaytirish hamda suv diplomatiyasini rivojlantirish masalalariga alohida e’tibor qaratildi.
Shundan so‘ng “Markaziy Osiyo davlatlarining suv xo‘jaligi idoralari rahbarlari ishtirokida yuqori darajadagi vazirlar muloqoti” bo‘lib o‘tdi.
Unda O‘zbekiston Respublikasi Suv xo‘jaligi vaziri Sh.Xamrayev, Qozog‘iston Respublikasi Suv resurslari va irrigatsiya vaziri N.Nurjigitov, Qirg‘iz Respublikasi Suv resurslari xizmati direktori o‘rinbosari A.Djayloobayev, Tojikiston Respublikasi Energetika va suv resurslari vazirining birinchi o‘rinbosari J. Shoimzoda ishtirok etdi.
Muloqotda transchegaraviy suv resurslaridan oqilona foydalanish, havza darajasida muvofiqlashtirilgan boshqaruvni ta’minlash, iqlim o‘zgarishi oqibatlariga moslashish, suv xo‘jaligi sohasini raqamlashtirish va havza tashkilotlari faoliyati samaradorligini oshirish masalalari muhokama qilindi.
Jumladan, O‘zbekiston tomoni Markaziy Osiyoda transchegaraviy suv resurslarini boshqarish sohasidagi hamkorlikni yanada mustahkamlash, suv xavfsizligini ta’minlash va iqlim o‘zgarishi oqibatlariga moslashish masalalariga e’tiborni qaratdi.
Mintaqadagi suv resurslarini samarali boshqarish o‘zaro ishonch, muntazam ma’lumot almashinuvi va kelishilgan qarorlarga asoslanishi zarurligini, bu borada Orolni qutqarish xalqaro jamg‘armasi (OQXJ) hamda Davlatlararo suv xo‘jaligini muvofiqlashtirish komissiyasi (DSXMK) muhim mintaqaviy mexanizmlar hisoblanishini ta’kidladi.
Shuningdek, O‘zbekiston suv sohasidagi hamkorlikni ikki tomonlama va ko‘p tomonlama formatlarda izchil rivojlantirish, transchegaraviy suv resurslarini boshqarish bo‘yicha amaliy muloqot va muvofiqlashtirish mexanizmlarini yanada takomillashtirish tarafdori ekanligi bildirildi.
Shu bilan birga, mamlakatda suv resurslarini boshqarish tizimini modernizatsiya qilish, sohani raqamlashtirish va suv tejovchi texnologiyalarni keng joriy etish bo‘yicha amalga oshirilayotgan islohotlar haqida ma’lumot berildi.
Jumladan, 2025-yilda Suv kodeksi hamda 2025–2028-yillarga mo‘ljallangan suv resurslarini boshqarish va irrigatsiya sohasini rivojlantirish dasturi qabul qilingani, suv tejovchi texnologiyalar 2,6 mln gektar maydonda joriy etilgani va 2028-yilga qadar ushbu ko‘rsatkichni 3,5 mln gektarga yetkazish rejalashtirilayotgani ta’kidlandi.
Shuningdek, forum doirasida Markaziy Osiyo mamlakatlarining transchegaraviy suv resurslarini boshqarish bo‘yicha tajribasini xalqaro suv kun tartibi bilan uyg‘unlashtirish masalalari muhokama qilindi.
Xususan, 2026-yilgi BMT Suv konferensiyasi, 11-Jahon suv forumi va boshqa xalqaro tashabbuslar doirasida mintaqaviy hamkorlikni rivojlantirish, ilmiy hamkorlikni kengaytirish, ma’lumotlar almashinuvini takomillashtirish, huquqiy va institutsional mexanizmlarni mustahkamlash hamda suv xavfsizligini ta’minlashga qaratilgan chora-tadbirlar yuzasidan fikr almashildi.
Forumning keyingi sessiyalarida iqlim o‘zgarishi va suv tanqisligi sharoitida suv resurslarini barqaror boshqarish, raqamli texnologiyalar va zamonaviy yondashuvlarni joriy etish, shuningdek, havza darajasidagi institutsional hamkorlikni takomillashtirish masalalari ko‘rib chiqildi.
Forum yakunida Markaziy Osiyo davlatlari o‘rtasidagi hamkorlikni yanada chuqurlashtirish, iqlim o‘zgarishi oqibatlariga moslashish bo‘yicha qo‘shma sa’y-harakatlarni kuchaytirish va suv resurslarini barqaror boshqarishga qaratilgan amaliy tashabbuslarni izchil davom ettirish zarurligi qayd etildi.
Kunning ikkinchi yarmida “Bahri Tojik” suv omborining 2026-yil iyun–avgust oylaridagi ishlash rejimi masalasi bo‘yicha O‘zbekiston, Qozog‘iston va Tojikiston vakillari ishtirokida ishchi yig‘ilish bo‘lib o‘tdi.
Yig‘ilish davomida suv ombori orqali suv chiqarish hajmlari, vegetatsiya davrida suv resurslarini oqilona taqsimlash, Sirdaryo daryosi havzasidagi gidrologik vaziyat hamda suvdan foydalanuvchilarning ehtiyojlarini inobatga olgan holda suv ta’minotini tashkil etish masalalari muhokama qilindi.
Muzokaralar yakunlari bo‘yicha tomonlar “Bahri Tojik” suv omborining 2026-yil iyun–avgust oylaridagi ishlash rejimi bo‘yicha kelishuvga erishib, tegishli bayonnomani imzoladilar.
Otabek Xazratov,
Xalqaro aloqalar va Jahon savdo tashkiloti masalalari bo‘limi boshlig‘i
Xalqaro aloqalar va Jahon savdo tashkiloti masalalari bo‘limi boshlig‘i

